
Tasavvur qiling, pul o‘tkazish uchun oluvchi va summani xayolingizdan o‘tkazsangiz kifoya. Yoki kameraga bir qaraysiz-u, xaridingiz uchun to‘lov amalga oshadi. Ilova esa hali so‘ramasingizdan ta’til uchun qancha pul ajratishingiz mumkinligini aytib beradi. Kelajak banklari haqida gap ketganda, xayolga turli g‘oyalar keladi. Ammo 2030-yilgacha uch yildan sal ko‘proq vaqt qoldi. Bu imkoniyatlarning qaysilari hayotimizga kirib kelmoqda, qaysilari esa hozircha ilmiy fantastika mavzusi bo‘lib qolmoqda?
Kelajakning ayrim imkoniyatlari allaqachon mavjud
"Fikr kuchi bilan" pul o‘tkazishni hozircha kelajak haqidagi fantastik hikoyalarga qoldiramiz. Ammo yuz yoki barmoq izi orqali to‘lovni tasdiqlash allaqachon mumkin. Masalan, Visa Payment Passkey texnologiyasi onlayn xaridlarni qurilmaning biometrik tekshiruvi yoki kirish kodi yordamida tasdiqlash imkonini beradi. O‘zbekistonda ham Face ID bank ilovalarida ro‘yxatdan o‘tish va shaxsni tasdiqlashning boshqa jarayonlarida qo‘llanadi. Bunda texnologiyalarning vazifasini farqlash muhim. Yuzni tanish tizimi xizmatdan kim foydalanayotganini aniqlashi mumkin, pul o‘tkazish uchun esa mijozning alohida topshirig‘i kerak bo‘ladi.
Shu sababli yaqin yillardagi sezilarli o‘zgarishlar kundalik ehtiyojlarimiz bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi mumkin. Hisob ochish, xizmatni rasmiylashtirish, hisobvaraqdan ko‘chirma olish va yordam so‘rash - bularning barchasini bitta ilovada bajarish bank xizmatlarini qulaylashtiradi. O‘zbekistonda raqamli banklar ham, filiallar tarmog‘iga ega banklar ham ayrim mahsulotlarni masofadan rasmiylashtirish, valyuta ayirboshlash va hisobvaraqqa oid hujjatlarni onlayn olish imkonini bermoqda. Keyingi qadam bu jarayonlarni yanada tez va har bir bosqichini tushunarli qilish bo‘lishi mumkin.

Banklar mijozlar ishonchini qanday qozonadi?
Mijozni jalb qilish va saqlab qolish uchun raqobat bu o‘zgarishlarni tezlashtiradi. Inson bir nechta bank ilovasidan foydalanishi mumkin bo‘lgan sharoitda banklar o‘z xizmatlarini yaxshilashga yanada ko‘proq intiladi. Kerakli amalni topish osonmi, komissiya miqdori to‘lovni tasdiqlashdan oldin tushunarlimi, qo‘llab-quvvatlash xizmati tez javob beradimi - bunday jihatlarning ahamiyati ortadi. Jahon banki ham raqamli moliyaviy xizmatlar rivojida raqobatning o‘rnini ta’kidlaydi. Natijada foydalanuvchi o‘z odatlari va ehtiyojlariga mos xizmatni tanlash uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladi.
Kelajakda turli banklarning ilovalari o‘rtasidagi hamkorlik ham kengayishi mumkin. Buyuk Britaniyada mijozning roziligi bilan moliyaviy ma’lumotlarni almashishga asoslangan ochiq banking tizimi allaqachon ishlamoqda. Bu hisobvaraqlar va operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi xizmatlarni yaratishga imkon beradi. O‘zbekistonning 2030-yilgacha mo‘ljallangan fintex strategiyasida ham ushbu yondashuvni joriy etish ko‘zda tutilgan. Natijada pul turli banklarda saqlansa ham, foydalanuvchi o‘z moliyaviy holatini bitta ilovada ko‘rish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.

Kundalik moliyaviy ishlarda ko‘proq yordam
Bank ilovasining vazifasi ham kengaymoqda. U amalga oshirilgan operatsiyalar va kelgusi to‘lovlar asosida xarajatlarni rejalashtirishga yordam berishi mumkin. Masalan, Singapurning DBS banki to‘lov muddati yaqinlashayotgani yoki rejalashtirilgan to‘lovlar uchun mablag‘ yetmay qolishi mumkinligi haqida xabar beradi. Bunday tajriba O‘zbekiston banklari uchun ham rivojlanish yo‘nalishlaridan biri bo‘la oladi. Kelgusi xarajat haqidagi eslatma yoki moliyaviy maqsadga oid tavsiya ba’zan ilovaga qo‘shilgan o‘nlab yangi tugmalardan ko‘ra foydaliroq bo‘lishi mumkin. Buning uchun ma’lumotlar bilan aniq ishlash va foydalanuvchiga tushunarli sozlamalar zarur.
To‘lov va pul o‘tkazmalarida ham qulayliklar ortishi kutilmoqda. Yevropada TIPS platformasi ishtirokchi tashkilotlarga tun-u kun tezkor pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkonini beradi. O‘zbekistonda UzQR tizimi rivojlanmoqda, milliy fintex strategiyasida esa mintaqa mamlakatlarining to‘lov tizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash belgilangan. Bu to‘lov va pul o‘tkazish usullarini kengaytirishga zamin yaratadi. Mijoz uchun buning foydasi oddiy amallarda namoyon bo‘ladi - pulni qulay yuborish, operatsiya shartlarini ko‘rish va uning bajarilganini tasdiqlovchi xabarni olish.
Balki 2030-yilga borib bugun yangilik bo‘lib ko‘ringan xizmatlar kundalik hayotimizning odatiy qismiga aylanishi bilan hayratlanarmiz. Bu imkoniyatlarning ayrimlaridan Openbank ilovasida hozirdanoq foydalanish mumkin. Pul o‘tkazish, xizmatlar uchun to‘lash va operatsiyalar tarixini ko‘rish smartfonda mavjud. Shu tariqa kundalik moliyaviy masalalarni o‘zingizga qulay vaqtda hal qilib, mablag‘laringizni kuzatib borishingiz mumkin.
